Ushbu maqola Internetda ish yuzasidan faqat dugonalari va do’stlari bilan to’g’ri ma’noda gaplashadiganlarga qaratilmagan…
Hozirgi internet bilan ko’p muloqotda bo’ladigan qizlardan, uylanish-oila qurish jihatidan hadiksiraladigan bir tomoni bor... Ya’ni, ularning ba’zilari (hammasi emas) ko’ngilxushlik uchun Internetda, xususan, mail.ru agentida ancha-muncha faoliyat yuritgan bo’ladi. Demakki kimlar bilandir tanishgan, gaplashgan, balki rasmlar, erkin mavzularda suhbatlashib turli xil smayliklar almashgan bo’ladi… Ularning "do’stlari” ro’yxati ham ancha uzun, axir har daqiqa u bilan beminnat tanishishga orzumand bo’lib turgan bir talay ovga chiqqan Donjuan yigitlar ham topiladi-da! Ular o’sha yigitlardan kelgan takliflarni hech ikkilanmay qabul qilib, o’zlarining uzundan uzoq ro’yxatlariga qo’shadilar…
Vaholanki, o’sha kunlarda bu qizni poytaxtda yoki shaharda o’qib tahsil olayotgani, kelajkada oliy ma’lumotli bir yaxshi inson bo’lib yetishishidan umidvor bo’lgan ota- onalari: "Qizginam tinchmikan, omonmikan, yaxshi o’qiyaptimikan, ishqilib…” degan havotir bilan kun o’tkazayotgan, uni so’roqlab sovchilar kelayotgan bo’ladi… Bu oyim qiz esa…
Balki, kunlarning birida o’sha qiz uyga kelganida sovchi qo’ygan yigit bilan uchrashtirilar ham, o’shanda qiz o’zini qanday tutarkin-a?.. Menimcha, u o’zini o’qimishli, bama’ni, hali ham soddadil qilib ko’rsatishga harakat qilsa kerak… Yigit ham sodda, Internet degan narsalardan unchalik xabari bo’lmasa, qizning o’sha gaplariga chippa-chin ishonadi. Hatto imkon topib, u-bu kishilardan surishtirganida ham u qizning agentlardagi sarguzashtlaridan bexabar qolib ketadi… (Alloh taolo bu masalada adashishdan bizlarni O’zi asrasin!)