Tushida shoir oq kema ko'radi,
U'yg'onib, boz bag'rin qiyma
ko'radi.
Shoir kun ko'rmagan qitmir
zamonda
Shoirning onasi nima ko'radi?
Maddohning onasi to'yib pul ko'rar,
Aktyorning onasi gohi gul ko'rar.
Shoir to xalqlarni erksiz qul ko'rar,
Shoirning onasi nima ko'radi?
Har kun oyog'ida g'ovlardan iz bor,
Har kuni boshida yuz qilich, yuz dor,
Shoir "onasini ko'radi" yuz bor,
Shoirning onasi nima ko'radi?
Shoirning aybimi haqni uqqani?
Onaning aybimi shoir tuqqani?
Haq qani? Haqiqat tikkan tug' qani?
Shoirning onasi nima ko'radi?
Turmush bir xil qo'shiq, bir xil
naqorat
Kam tug' deb onangni aylar haqorat,
Shoir faryod qilar, bu qanday
g'orat?!
Shoirning onasi nima ko'radi?
Ey o'tmish zamonlar, shohid
xazonlar,
Husayn Jovidlar, Cho'lpon, Usmonlar,
Kesilgan zabonlar!...Folbin osmonlar,
Shoirning onasi nima ko'radi?
"Sen haqsan, bolajon, nur menga
ato!"-
Men -xalqman, onajon, g'animlik
xato!..
Meni gazet urar, ularni xudo!..
Shoirning onasi nima ko'radi?
Onajon, holimga yig'lama sim-sim,
Xalqni ona derlar-bu go'zal tilsim!
Onasin sotganlar qaerdan bilsin,
Shoirning onasi nima ko'radi?!